Prezident hujjatlari ijrosining yangi tizimi joriy etiladi

20.01.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomasida islohotlar samarasini har bir inson o‘z hayotida his etishi uchun hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash lozimligini ta’kidlagan edi. Shu bois Adliya vazirligiga qabul qilingan hujjatlarni mas’ullarga yetkazish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish vazifasi topshirilgan edi.

Prezident huzurida bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda amaldagi holat tahlili va ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, samarali ijro tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilganidek, so‘nggi 4 yilda 2 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilingan. Lekin hudud va tashkilotlarda ularning bajarilishi qoniqarli emas.

Koronavirus pandemiyasi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qator yo‘nalishlarda muammolar borligini ko‘rsatdi. Oliy ta’lim, transport, suv xo‘jaligi, davlat mulkini boshqarish sohalaridagi islohotlar kutilgan natijani bermayapti. Shu sababli mazkur sohalar rahbarlari ishdan olindi. Yana bir qator vazir va vazir o‘rinbosarlari faoliyati qoniqarsiz deb topilib, ularga intizomiy jazo qo‘llanildi.

– Ijro tizimidagi eng katta muammo – dunyoqarash o‘zgarmayotgani, bilimsizlik va mas’uliyatsizlik, – dedi davlatimiz rahbari.  

Yig‘ilishda 4 bosqichli samarali ijro tizimini tashkil etish choralari muhokama qilindi. Bular ijroni loyiha bosqichida rejalashtirish, ijroni tashkil etish va ko‘maklashish, ijroni baholash, ijroni nazorat qilishdir.

Hujjatlarni amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish maqsadida adliya vaziri o‘rinbosarlari markaziy idoralarga biriktiriladi. O‘rta va quyi bo‘g‘in xodimlarini har bir sohaga oid qaror bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi. Adliya vazirligi viloyat boshqarmalari, shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari esa qarorlarni tadbirkor va fuqarolarga tushuntirishga mas’ul bo‘ladi.

Prezidentimiz qabul qilinayotgan hujjatlar xalq manfaatiga qaratilganini, shuning uchun ularning mazmunini aholiga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Hujjatlarning nafaqat ijrosi, balki natijadorligiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Misol uchun, 2020-yil 1-mayda yerosti suvi zaxirasi bor joylarda davlat hisobidan quduq qazib, ularni aholiga imtiyozli shartlarda berish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Bu maqsadlarga Inqirozga qarshi jamg‘armadan ajratilgan 300 milliard so‘m hisobiga 95 ming gektar yer foydalanishga kiritildi, 70 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Mutasaddilarga joylarga chiqib, qarorlar ijrosi yuzasidan manzilli va tematik o‘rganishlar o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda qonunchilikdagi kamchiliklardan tortib, investitsiya loyihalari ahvoligacha barcha masalalar kompleks o‘rganiladi, muammolar bo‘lsa aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Qarorlar ijrosini nazorat qilishning eng unumli vositasi – jamoatchilik ishtiroki va nazorati. Shu bois, “jamoatchilik eshituvlari”, “jamoatchilik monitoringi” tizimini joriy qilish, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarni faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Jismoniy va yuridik shaxslarga Prezident hujjatlari ijrosi yuzasidan murojaat qilish imkonini beradigan mobil ilova ishga tushirilishi belgilandi.

Adliya vazirligiga Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Ijtimoiy fikr” markazi bilan birga aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, qarorlar ijrosi va bunga xalqning munosabatini o‘rganish vazifasi qo‘yildi. Bu maqsadlar uchun alohida grantlar joriy qilinadi.

Shuningdek, davlat idoralari tomonidan qarorlar ijrosi yuzasidan matbuot anjumanlari tashkil qilib boriladi. Bajarilmagan ishlarni tanqidiy muhokama qilish bilan birga, ijrosi samarali bo‘lgan qarorlar bo‘yicha ijobiy tajribalar ham yoritiladi.

Barcha tahlillar, axborotlar Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy ko‘rib chiqilib, tegishli choralar belgilanadi.