Viloyatda aholi muammolari mahallalar kesimida oʼrganilmoqda.

28.01.2021

Transport vazirining oʼrinbosari Jasurbek Choriev boshchiligidagi ishchi guruh aholi muammolari, mahallalarda jamoat transporti bilan bogʼliq boʼlgan muammolar hamda aholiga koʼrsatilayotgan xizmatlar sifati bilan yaqindan tanishish maqsadida Buxoro tumani va Kogon shahrida boʼldi.

                                               

Ishchi guruh Kogon shahrining “Zirabod”, “Navzirabod”, “Ziyokor”, “Doʼstlik”, "Temiryoʼlchi", "Аdolat", "Аrabxona" va “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʼinida boʼlib, mahalla raislari hamda faollar bilan boʼlgan uchrashuvlarda ushbu hududlar aholisini qiynab kelayotgan muammolar bilan tanishdi. Аvvalo, ushbu hududlarning jamoat transporti bilan toʼliq qamrab olish masalasiga eʼtibor qaratildi, "Temir daftar"ga kiritilgan oilalar muammolar tinglandi, ehtiyojmand oilalarni moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash masalasida fikr yuritildi, yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning yechimi boʼyicha "Yoʼl xaritasi" ishlab chiqildi, muammolarni hal etish borasidagi takliflar atroflicha muhokama qilindi. Shahar tarkibida boʼlgan 22 ta mahalla fuqarolar yigʼinlarining pasportlari toʼliq shakllantirildi, har bir mahallaning oʼsish nuqtalari (drayverari) ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, muhokamalar davomida yoshlar masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Har bir mahalladagi yoshlar bilan suhbat oʼtkazilib, ularni tadbirkorlikka va kasanachilikka jalb etish boʼyicha chora-tadbirlar belgilandi, oʼz bizneslarini boshlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, bank kreditlari olish tartibi toʼgʼrisida tushunchalar berildi.

Uchrashuvlar yakunida mahalla vakillari tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib, ushbu hududlardagi aholi muammolarini hal etish masalasi atroflicha oʼrganib chiqilishi kelishib olindi.