Transport tashkilotlari mas’uliyatdan xoli bo‘lmaydi

02.03.2021

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari ishchi guruhlari bir qator qonun loyihalarini takomillashtirish ustida faol ish olib borilmoqda.

Xususan, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi a’zolari “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda maromiga yetkazishda qo‘mitalar, fraksiyalar takliflarini o‘rganilmoqda.

Ta’kidlash joiz, qonun loyihasining maqsadi — avtomobil, havo, suv va temir yo‘l va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat. Unda Transport vazirligining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri sifatida yagona transport tarmog‘iga integratsiyalash va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalanish asosida transportning barcha turlarini uyg‘unlikda rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona davlat transport siyosati ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi Farhod Zayniyevning qayd etishicha, bugungi kunda qonun loyihasi deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar asosida pishiq-puxta holatga keltirilmoqda. Ayrim havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritilyapti. Xususan, qonun loyihasiga umumiy o‘nga yaqin to‘ldirishlar kiritildi. Loyihaning asosiy tushunchalarga oid moddasi qaytadan ko‘rib chiqildi hamda aralash tashish tushunchasi Fuqarolik kodeksiga muvofiqlashtirildi.

Bundan tashqari, qonunning predmeti bo‘lmagan va boshqa qonunlar bilan tartibga solinadigan normalar chiqarib tashlandi. Loyihaning 29-moddasi transport tashkilotlarining jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki xavfsizligini, transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish xavfsizligini ta’minlashi shartligi to‘g‘risidagi qism bilan to‘ldirildi.

Transport infratuzilmasi obyektlariga yo‘lovchilar, yuk jo‘natuvchilar, yuk qabul qiluvchilar, tashuvchilar va transport jarayonining boshqa ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, transport vositalarining ishlashini ta’minlash uchun mo‘ljallangan tuzilmalar, ishlab chiqarish va texnologik komplekslar kiradi. Qonun loyihasi bilan kiritilayotgan cheklovlar ishlarning real holatini hisobga olmasligi va foydalanilmayotgan binolar ijaraga berilishini taqiqlagani sababli tadbirkorlik subyektlari huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan qonun loyihasida transport infratuzilmasi obyektlarining ishlashi va xavfsizligi ta’minlanishiga to‘sqinlik qiladigan iqtisodiy va boshqa faoliyatni amalga oshirishga hamda transport xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi yangi tahrirda bayon qilinmoqda.

Kelgusida mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirishga, respublikaning transport sohasida investitsiyaviy jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirishga, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat ko‘rsatishini, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Transport kodeksini ishlab chiqilishiga platforma yaratiladi.