Ichki turizmni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar miqdori tasdiqlandi

04.05.2021

Ichki turizmni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar miqdori tasdiqlandi

 

Unga ko‘ra, aviatashuvchilarga mamlakatimizdagi ichki aviaqatnovlar chipta narxlarining 25 foizi hamda turoperator va turagentlar tomonidan mahalliy sayyohlar uchun tashkil etilgan turlarga avia va temiryo‘l chiptalari narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratiladigan avia va temiryo‘l yo‘nalishlari belgilandi.

 

Maxsus komissiya tomonidan subsidiyalanadigan 10 ta aviaqatnov yo‘nalishi chipta narxlarining eng yuqori summalari ham tasdiqlandi. Misol uchun, “Samarqand-Namangan” aviaqatnovidagi chipta narxi 666 782 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, aviatashuvchiga beriladigan subsidiya hisobiga ushbu chipta narxining eng yuqori summasi 500 086 so‘mni tashkil etdi. Chipta turoperator orqali xarid qilinganda esa uning narxi 425 073 so‘mni tashkil qiladi.

Turoperatorlar va turagentlar tomonidan tur doirasida xarid qilingan “Andijon-Xiva-Andijon”, “Termiz-Qarshi-Xiva” va “Termiz-Qarshi-Samarqand” yo‘nalishlari subsidiyalanadigan yo‘nalishlarga kiritildi.

Shu bilan birga, Maxsus komissiya qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-apreldagi 109-son qarorida nazarda tutilgan jamoaviy chiptalarni sotib olish guruhidagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda - 10 foizli, 25 va undan ortiq kishilik guruh uchun esa 15 foizli chegirmalar ham saqlanib qolindi.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi 964-son qaroriga asosan yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlariga (tariflar) o‘zgarish kiritilgan taqdirda bu to‘g‘risida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Turizm va sport vazirligining rasmiy saytlari hamda boshqa OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda keng eʼlon qilinib borilishi belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan respublika bo‘ylab joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarining subsidiyalanadigan eng yuqori (cheklangan) darajasi (summasi) 250,0 ming so‘m etib tasdiqlandi.

Bunda turoperator va turagent tomonidan respublika bo‘ylab tashkil etilgan tur davomida mehmonxona xizmatining 10 foiz miqdoridagi subsidiyalanadigan eng yuqori summasi 25,0 ming so‘mdan oshmasligi belgilandi.

Prezidentimizning ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish to‘g‘risidagi Farmonining imzolanishi Farg‘ona vodiysida istiqomat qiluvchi aholining ham Buxoro, Samarqand hamda Xorazm viloyatlariga, ushbu hududlar aholisini esa Farg‘ona vodiysiga sayohat qilishlari uchun qulay imkoniyat taqdim etdi.

Xususan, joriy yilning fevral oyida yo‘lga qo‘yilgan “Urganch-Farg‘ona-Urganch” aviayo‘nalishining birinchi oyida samolyotlarning bandligi 43,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, turoperator va turagentlarga yaratilgan qo‘shimcha imkoniyat natijasida samolyotlar bandligi mart oyida 87,9 foizga, yaʼni ikki barobarga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi 6165-son Farmoniga muvofiq yuqoridagi subsidiyalar bo‘yicha to‘lovlar 2021-yil 1-martdan boshlab tashkil etilgan sayohatlar uchun qoplab beriladi.