Uzbekistan Airways mahalliy yo‘nalishlarda qatnovlar sonini ko‘paytirib, parvozlar geografiyasini kengaytirmoqda

11.05.2021

Karantin cheklov choralari yumshatilishi bilan “Uzbekistan Airways” AJ respublikamiz bo‘ylab mahalliy yo‘nalishlarda qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklashni boshladi. Shuningdek, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va ichki yo‘nalishlarda ham parvozlar geografiyasini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

An’anaga ko‘ra, eng ommabop yo‘nalishlar Toshkentdan Urganchga va Toshkentdan Nukusga amalga oshirilayotgan parvozlardir. Bugungi kunda Toshkent – Urganch hamda Toshkent – Nukus yo‘nalishlarida aviachipta narxi 417 000 so‘mdan boshlanadi. Yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar har kuni bajariladi. Istiqbolda Toshkent – Urganch – Toshkent yo‘nalishida qatnovlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilangan.

Aviakompaniya bugungi kunda Toshkentdan Termiz, Buxoro, Samarqand shaharlariga ham muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilning 14- may sanasidan boshlab esa Toshkentdan Navoiyga qatnovlar tiklanadi.

Ushbu yo‘nalishlardagi aviachiptalar narxi:

Toshkent – Termiz – 341 000 so‘mdan. Qatnovlar haftaning dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Toshkent – Buxoro – 215 000 so‘mdan. Qatnovlar haftaning chorshanba, shanba va yakshanba kunlari bajariladi.

Toshkent – Navoiy – 215 000 so‘mdan. Qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Toshkent – Samarqand – 114 000 so‘mdan, aviaqatnovlar haftaning seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

 

Aviakompaniya poytaxt Toshkent bilan Farg‘ona vodiysi shaharlarini havo qatnovi orqali bog‘lash masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatiga Toshkent – Farg‘ona, Toshkent – Namangan yo‘nalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirilmoqda. Ba’zi sabablarga ko‘ra bundan bir necha yil oldin to‘xtatib qo‘yilgan Toshkent – Andijon yo‘nalishidagi havo qatnovi joriy yilning 6- aprel sanasidan qayta tiklandi.

Farg‘ona vodiysi shaharlariga aviachipta narxi har bir shahar uchun bir xil – Toshkentdan Farg‘ona, Namangan va Andijonga aviachipta narxi – 127 000 so‘mdan.

Ko‘hna Surxon vohasini Farg‘ona vodiysi bilan yanada yaqinroq qilish, ichki turizmni rivojlantirish, qolaversa, ishbilarmon doira vakillariga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida aviakompaniya tomonidan Termiz – Farg‘ona yo‘nalishida yangi qatnov yo‘lga qo‘yildi. Shunisi alohida e’tiborga molikki, mazkur yo‘nalish jadvali har ikkala shahar yo‘lovchilari uchun ham maksimal darajada qulay tuzilgan – Termizdan Farg‘onaga qatnov dushanba kunlari, Farg‘onadan Termizga esa payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, aviakompaniya qatnovlar jadvaliga Samarqanddan respublikamizning boshqa viloyatlariga ham maqbul narxlarda qatnovlar kiritildi. Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida aviakompaniya Samarqand shahrida ikkinchi xab tashkil etganini alohida e’tirof etish joiz. Bugungi kunda Samarqanddan muntazam ravishda Toshkentga bajarilayotgan qatnovdan tashqari, uchta shahar – Farg‘ona, Namangan va Urganchga ham mahalliy aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Aviachiptalar narxi maqbul va har uchchala yo‘nalishda ham bir xil – 190 000 so‘mdan boshlanadi. Bu o‘z navbatida aholiing mobillik darajasi ortishi va yurtimizda ichki turizmni rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Samarqanddan aviaqatnovlar quyidagi kunlarda amalga oshiriladi:

Samarqanddan Namanganga – chorshanba va shanba kunlari.

Samarqanddan Farg‘onaga – dushanba, seshanba, juma va yakshanba kunlari.

Samarqanddan Urganchga – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari.

 

Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysi va Urganch shaharlari o‘rtasida Samarqand aeroporti orqali yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish uchun qulay tranzit qatnovlar mavjud. Shu bilan birga, Samarqandga borish va qaytish parvozlari respublika shaharlaridan Istanbulga amalga oshiriluvchi qatnovlar bilan qulay tarzda bog‘langandir. Istiqbolda Rossiya Federatsiyasi shaharlari bilan muntazam aviaqatnovlar tiklangandan so‘ng Moskva va Sankt-Peterburgga ham qulay qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, “Uzbekistan Airways” AJ rasmiy sayti orqali aviachipta xarid qilib olinganda 3 foizli chegirma amal qiladi!