Qonunchilik takomillashtirildi.

27.05.2021

Prezidentimizning sud qarorlarini qayta koʼrish institutini takomillashtirishga oid tashabbusi bilan sohada koʼplab oʼzgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi, shuningdek, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodekslarga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.
“Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi qonunga koʼra, maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlar endilikda jinoyat ishlari boʼyicha sudlar tomonidan koʼriladi.
Аsosiy yangiliklardan yana biri, endilikda fuqarolar oʼz hisobidan maʼmuriy bayonnomalarning koʼchirma nusxasini, shuningdek, sud majlisining audio yoki video yozuvini olishga haqli boʼladilar.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi qaror ustidan maʼmuriy bayonnomani tuzgan organ tomonidan ham shikoyat berilishi mumkin.
Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni nazorat tartibida koʼrish bekor qilinib, apellyatsiya instantsiyasi joriy etildi.
Kiritilgan oʼzgarishlarga muvofiq, sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi bilan bir qatorda, ularning adolatsizligi ham sud hujjatini kassatsiya tartibida oʼzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʼlishi belgilandi.
Oʼzbekiston Respublikasining “Jinoyat-protsessual kodeksiga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonuniga kiritilgan oʼzgartish va qoʼshimchalarning asosiy qismi sud tizimining qayta ixtisoslashuvi, sud qarorlarini qayta koʼrish institutining takomillashtirilishi bilan bogʼliq.
Jumladan, “Jinoyat ishlari boʼyicha sud qarorlarini qayta koʼrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun bilan kodeksga kiritilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalar asosan qator jihatlarda namoyon boʼlmoqda.
Bu borada birinchi navbatda viloyat darajasidagi sudlar tizimida tashkiliy oʼzgarishlar boʼlib, viloyatlardagi jinoyat ishlari boʼyicha va fuqarolik ishlari boʼyicha sudlar hamda iqtisodiy sudlar yagona umumyurisdiktsiya sudlariga birlashdi.
“Bir sud – bir instantsiya” tamoyilidan kelib chiqib, ishlarni nazorat tartibida koʼrish amaliyoti tugatildi.
Аpellyatsiya tartibidagi shikoyat (protest)larni berish muddati
10 kundan 20 kunga uzaytirildi.
Shuningdek, birinchi instantsiya sudining apellyatsiya tartibida koʼrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya instantsiyasi sudining hukmlari, ajrimlari kassatsiya tartibida qayta koʼrilishi mumkinligi belgilangandi. Yaʼni, endilikda ish kassatsiya tartibida koʼrilishidan oldin apellyatsiya tartibida koʼrilgan boʼlishi lozim. Buning natijasida sud hukmi ustidan dastlabki shikoyat (protest) berish muddati 1 yildan 20 kunga qisqardi.
Ish tomonlarning arizasiga asosan Oliy sud raisi, bosh prokuror va ularning oʼrinbosarlari protestiga koʼra takroran kassatsiya tartibida (5 nafar sudьyadan iborat tarkibda) qayta koʼrilishi mumkin boʼldi.
Jinoyat ishida prokurorning ayblovdan voz kechishi sud tomonidan jinoyat ishini reabilitatsiya asoslariga koʼra tugatishga sabab boʼladigan tartib joriy etildi.
Shuningdek, prokuror tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hukmi yoki ajrimini suddan talab qilib olish va oʼrganishga faqat tomonlarning murojaati yoki ish boʼyicha OАVda chiqqan xabarga asosan yoʼl qoʼyiladi.
Jinoyat ishida yangi ochilgan holatlar boʼyicha ish yuritishni tiklash instituti takomillashtirildi. Jumladan, yangi ochilgan holatlarning turlari aniq belgilab berildi.
Bundan tashqari, tomonlar tengligi printsipini taʼminlash uchun yangi ochilgan holatlar boʼyicha ish yuritishni tiklash boʼyicha murojaat qilish huquqi tomonlarga ham taqdim etildi, ilgari ushbu huquq faqat prokurorda boʼlgan.
Bundan tashqari, qonun bilan surishtiruvchi, tergovchi, sud majlisi kotibi maʼlum bir ishda qatnashganidan soʼng keyinchalik uni qayta koʼrib chiqish uchun surishtiruvni, dastlabki tergovni yuritishda takroran ishtirok etishi, shuningdek sud majlisi bayonnomasini yuritishi mumkin.
Endilikda sudda jinoyat ishini muhokama qilish faqat ayblanuvchilarga nisbatan va eʼlon qilingan ayblov boʼyicha olib boriladi. (Ilgari haqiqatni aniqlash maqsadida – ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan boshqa shaxslarga nisbatan olib borilgan).
Yana bir yangilik, sudlanuvchini yangi ayblov boʼyicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash endilikda sudlanuvchining, uning himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosnomasiga koʼra ham amalga oshiriladi. Shu paytgacha esa bu tartib faqat prokurorning yoki jabrlanuvchining, uning vakilining iltimosnomasiga koʼra amalga oshirilar edi.