O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi aviaqatnovlar kengaymoqda

03.06.2021

O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyatlarining joriy yil may oyidagi kelishuviga muvofiq ikki davlat o‘rtasida yangi muntazam aviaqatnovlar tashkil etildi.

Jumladan, Samarqand – Olmaota va Turkiston – Toshkent muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand – Olmaota – Samarqand yo‘nalishida “Uzbekistan Airways” va “Air Astana” aviakompaniyalarining har biri tomonidan haftasiga 2 marotabadan qatnov amalga oshiriladi.

Turkiston – Toshkent – Turkiston yo‘nalishida esa “Air Astana” aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Fly Arystan” aviakompaniyasi tomonidan haftasiga 2 marotaba qatnov bajariladi.

Ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tiklangandan buyon sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya qilgan holda “Uzbekistan Airways” va “Air Astana” aviakompaniyalarining har biri tomonidan Toshkent – Olmaota yo‘nalishida haftasiga 7 marotabadan, Toshkent – Nur-Sulton yo‘nalishida esa haftasiga 3 marotabadan muntazam yo‘lovchi qatnovlari bajarilmoqda.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” va "SCAT Airlines" aviakompaniyalarining har biri tomonidan "Urganch – Aqtau – Urganch" (haftasiga 2 marta) yo‘nalishida hamda "SCAT Airlines" aviakompaniyasi tomonidan "Aqtau – Nukus – Aqtau" (haftasiga 1 marta) yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.