O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi avtobus qatnovlarini tiklash masalasi muhokama qilindi.

07.06.2021

Dushanbe shahrida O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri o`rinbosari-investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Tojikiston tashqi ishlar vaziri S.Muhriddin o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar kutilayotgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qildilar. 

Shuningdek, ular tadbir kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar borasida kelishuvlarga erishish hamda barcha masalalar yuzasidan yakdil fikrga kelish uchun bor bo‘lgan imkoniyatlarni 

safarbar etishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ikki davlatning Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xo‘jand, Penjikent va boshqa yirik shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi. 

“Ipak yo‘li” sayyohlik brendini ilgari surish va “ziyorat  turizm”ni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida avtobus qatnovi, 26 yillik tanaffusdan so‘ng 2018 yil 15 mayda qayta tiklangan edi. Ammo 2020 yil 16 martdan boshlab koronavirus pandemiyasi 

tufayli O‘zbekiston boshqa mamlakatlar bilan avtomobil aloqalarini chekladi va 1 sentabrdan boshlab cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlay boshladi.