O‘zbekiston va Qatar hukumatlari Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

09.06.2021

Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Qatar Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniyning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim imzolandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Bitim O‘zbekiston nomidan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qatar nomidan ushbu davlat Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy tomonidan imzolandi

Bitim havo qatnovini tashkil etish, aviakorxonalarni tayinlash, ularga parvozlarni amalga oshirish huquqini berish, belgilanadigan manzillarni aniqlash, sertifikat va litsenziyalarni tan olish, ikki davlatda tayinlangan aviakorxonalarning vakolatxonalari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarni nazarda tutadi.

Hujjat qoidalariga ko‘ra, har bir tomonning belgilangan avia tashkilotlari ikkinchi davlat hududida kelishilgan manzillarda qo‘nishni amalga oshirish va ularning hududlaridan qo‘nmasdan uchib o‘tish uchun tegishli huquqlardan foydalanadi.

Bitimda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida aviatashkilotlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirishni ta’minlovchi va bojxona yig‘imlari, soliq va boshqa to‘lovlardan ozod etuvchi imtiyozlar o‘zaro asosda taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, hujjatda aviatsiya sohasidagi xavfsizlik va ikki mamlakat aviatsiya tashkilotlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahslarni hal etish me’yorlari hamda o‘zaro hamkorlik qilishning boshqa shartlari belgilab qo‘yilgan.

Hujjat ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ijobiy turtki beradi, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi va o‘zaro manfaatli aviatashuvlar bozorini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Eslatib o‘tamiz, Qatar Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.

Unda Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari xususida fikr almashildi. Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 6-7 aprel kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Qatarning fuqaro aviatsiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.

Mazkur muzokaralarda Qatar fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi, O‘zbekiston transport vazirligi, «O‘zaviatsiya» agentligi hamda tomonlarning tayinlangan aviakompaniyalari - «Uzbekistan Airways» AJ va «Qatar Airways» aviakompaniyasi vakillari ishtirok etgandi.

O‘shanda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitim loyihasi bo‘yicha ishlarni yakuniga etkazish, «Uzbekistan Airways» va «Qatar Airways» aviakompaniyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish va boshqa masalalar muhokama qilingan edi.