Turkiya va O‘zbekiston xalqaro yuk tashuvlari sohasida «E-permit» tizimini ishga tushiradi

05.07.2021

Joriy yilning 30 iyun – 1 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-turk qo‘shma komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida qulay shart-sharoitlarni yaratish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, xalqaro yuk tashuvlari jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhokama etildi.

Xususan, yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimini amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama/tranzit hamda uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun yo‘l yig‘imlari to‘lovidan ozod etgan holda 2021-yil yakuniga qadar qo‘shimcha 2022-yil uchun ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Ikki tomon vakillari mazkur uchrashuv mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va so‘nggi avlod IT ishlanmalarini sohaga keng joriy etish orqali xalqaro transport koridorlari faoliyatini samarali tashkil etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar va yo‘nalishlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar rejasi belgilab olindi.