Oʼtkazilgan reydlar natijasida 942 nafar haydovchi faoliyatini qonuniylashtirish maqsadida yoʼlovchi tashishga ruxsat beruvchi litsenziya oldi.

17.07.2021

Boshqarma xodimlari tomonidan avtomobilь transportida yoʼlovchi va yuk tashish tizimini tartibga solish, isteʼmolchilarga sifatli transport xizmati koʼrsatilishini hamda sohada qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Sir emaski, avtomobilь transportida litsenziyasiz yoʼlovchi tashish hozirgi kunda eng keng tarqalgan huquqbuzarliklardan biri boʼlib, ushbu huquqbuzarlikka qarshi kurashish maqsadida qator profilaktik tushuntirish va reyd tadbirlari doimiy tarzda oʼtkazib kelinmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida boshqarma hamda viloyat IIB YHXB xodimlari bilan hamkorlikda avtomobilь transportida litsenziyasiz yoʼlovchi tashish holatlarini aniqlash maqsadida 237 ta qoʼshma reyd tadbirlari oʼtkazildi. Oʼtkazilgan tadbirlar davomida 1240 ta noqonuniy litsenziyasiz yoʼlovchi tashish holatlari aniqlanib, aniqlangan holatlar boʼyicha huquqbuzarlarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik toʼgʼrisidagi Kodeksining 146-1, 165, 176-3 va 176-4 moddalariga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy chora koʼrish uchun tegishli tartibda Sud organlariga yuborilib, huquqbuzarlik holatlari boʼyicha Sudlar tomonidan 2021 yil 1 iyulь holatiga 236.590 mln.soʼm jarima jazolari tayinlangan.
Muhim jihati shundaki, oʼtkazilgan reydlar natijasida xatosidan toʼgʼri xulosa chiqargan 942 nafar haydovchi faoliyatini qonuniylashtirib, yoʼlovchi tashish huquqini beruvchi litsenziya varaqalari rasmiylashtirildi. Buning natijasida byudjetga qoʼshimcha ravishda 178.290 mln.soʼm miqdorida davlat boji tushirilishi taʼminlandi.

Bunday nazorat tadbirlarini oʼtkazishdan maqsad kimnidir jazolash emas, balki sohada qonun ustuvorligini taʼminlashdan iborat. Bundan tashqari qabul qilinayotgan Farmon va qarorlar amaldagi tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilmoqda.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 maydagi "Аvtomobilь transportida yoʼlovchi tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi PQ-5108-sonli qarori qabul qilinib, mazkur qaror asosida yakka tartibda faoliyat yurituvchi haydovchilarga yoʼnalishsiz taksi xizmati koʼrsatish uchun ruxsat berilishi haydovchilar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Zero ushbu qarorning qabul qilinishi haydovchilarni bir qator ovoragarchilik va sarf-xarajatlardan xalos etdi.
Shuni inobatga olib, yoʼnalishsiz taksi xizmatini koʼrsatish bilan shugʼullanuvchi haydovchilarimizdan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda qonuniy faoliyat olib borishlari lozimligini soʼrab qolamiz.