Buxoro shahridagi transport oqimi maxsus kameralar yordamida oʼrganiladi.

11.11.2021

Hozirgi vaqtda transport oqimini boshqarish muammosi, ayniqsa shaharlarda juda dolzarb muammo boʼlib bormoqda. Shaxsiy va jamoat transport vositalari soni ortishi shahar koʼchalarida tirbandliklar paydo boʼlishiga, piyodalar harakati qiyinlashishiga va avtohalokatlar koʼpayishiga olib keladi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, jamoat transportlari harakatini yaxshilash maqsadida hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2020 yil 2 noyabrь kuni "Hududlarda jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari"ga bagʼishlab oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, “Buxoro shahar transport va yoʼl-transport infratuzilmasining bosh rejasi”ni ishlab chiqish doirasida viloyat Transport boshqarmasi va Transport vazirligi huzuridagi "Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʼrganish Markazi" mutaxassislari tomonidan shaharning murakkab, gavjum chorrahalarini oʼrganish va modellashtirish ishlari olib borilmoqda.

 

Transport oqimi yoʼl harakatini boshqarish tizimida boshqaruv obʼekti boʼlib, texnik vositalardan tashkil topgan (avtomobillar, mototsikllar, avtobuslar va boshqalar). Shuning uchun oʼrganish davomida Markaz mutaxassislari tomonidan bugundan boshlab shaharning eng gavjum va shaharga kirish-chiqish joylari boʼlgan 32 ta chorrahada maxsus kameralar oʼrnatish ishlari boshlandi. Ushbu kameralardan olingan maʼlumotlar asosida shaharning turli nuqtalaridagi transport vositalarining sutkalik oqimi tahlil qilinib, kerakli xulosalar olinadi. Ushbu olingan xulosalar va turli oʼrganishlar asosida “Buxoro shahar transport va yoʼl-transport infratuzilmasining bosh rejasi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Buning natijasida jamoat transportlari yoʼnalishlari optimallashtiriladi, qatnov jadvallari mutanosibligi taʼminlanib, ularning samaradorligi ortadi hamda yoʼlovchilarga sifatli transport xizmati koʼrsatilishiga erishiladi.