Omborlar va logistika markazlarining yagona elektron portali tashkil etildi

15.11.2021

O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda O`zbekiston logistika uyushmasi tomonidan tashqi savdo operasiyalarini oshirish, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, O`zbekistonda yangi, zamonaviy logistika markazlari qurilishiga xorijiy investisiyalarni keng jalb etish, transport va logistika sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish maqsadida “O`zbekistondagi logistika markazlari va yuk omborlari” to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan www.skladi.uz platformasi ishga tushirildi.

Ushbu platformaning asosiy vazifasi milliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan O`zbekistondagi ombor va logistika markazlari xizmatlariga nisbatan tobora ortib borayotgan talabni qondirishdan iborat.

Platforma orqali respublikadagi mavjud omborlar va logistika markazlarining joylashuv manzili, ularning mahsulot saqlashga bo`lgan ixtisoslashuvi (qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika va h.k), ochiq va yopiq omborlar hududidagi bo`sh joylar to`g`risidagi ma`lumotlarni foydalanuvchilar bepul olish imkoniyati yaratilgan.

Omborlar va logistika markazlari egalari hamda o`z mahsulotlarini joylashtirish va saqlash uchun bo`sh joylarni qidiradigan tadbirkorlar uchun ushbu platforma teng xizmat ko`rsatadi. Hozirgi kunda ushbu platforma to`liq rejimda faoliyat ko`rsatmoqda. Shuningdek, platforma orqali ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish imkoni mavjud. Barcha foydalanuvchilardan ushbu platformadan foydalanishlari mumkinligini bildiramiz.

Saytda ro`yxatdan otish bo`yicha qo`shimcha ma`lumotlarni O`zbekiston logistika uyushmasining +998-71-249-91-85 raqamlari orqali olishingiz mumkin.