Turkmaniston bilan transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi

23.11.2021

18 - noyabr kuni transport va logistika masalalari bo‘yicha o‘zbek turkman ishchi guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov va «Turkmaniston temir yo‘llari» agentligi raisi A.Atamuradov, shuningdek, ikki mamlakatning avtomobil, temir yo‘l, aviatsiya tizimi hamda tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirokida videokonferensiya aloqa shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Xususan, koronavirus pandemiyasi sabab amaliyotga joriy etilgan cheklov choralari natijasida yopilgan “Xo‘jayli – Kunya-Urgench”, “Shovot – Dashoguz” o‘tkazish punktlari ish faoliyatini sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga qat’iy rioya etgan holda qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu masalaning ijobiy yechimini ta’minlash maqsadida tomonlar kelasi haftada vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganishga va tegishli takliflarni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Shuningdek, uchrashuvda “Turkmanboshi” xalqaro dengiz porti orqali “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston - Turkmaniston - Ozarbayjon - Gruziya - Turkiya - Yevropa” yo‘nalishida yuk tashuvlari uchun qulay sharoitlarni yaratish hamda “O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - Ummon” xalqaro tranzit-transport yo‘lagining barcha ishtirokchilari bilan Ashxobod bitimi bo‘yicha ishlarni faollashtirish masalasi muhokama etildi.