Talabalar uchun maxsus chegirmalar

06.01.2022

Yangi yil bayrami bayrami munosabati bilan yoʼlovchilar oqimining keskin ortishi sababli aholining hududlarga harakatlanish imkoniyatini oshirish, yoʼlovchilarning oʼz vaqtida manzillariga yetib olishini taʼminlash, yoʼlovchilarga yanada koʼproq qulaylik hamda ichki turizmni rivojlantirishda qoʼshimcha imkoniyatlar yaratish, asosiysi talabalarning oʼz yashash joylaridan Toshkent shahriga eson-omon yetib borishini taʼminlash maqsadida boshqarma soha tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʼshimcha chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. Bayram munosabati bilan talabalar uchun "Buxoro-Toshkent" yoʼnalishida qoʼshimcha avia va temir yoʼl qatnovlari tashkil etilgan boʼlib, talabalar imtiyozli hujjatlarni koʼrsatgan holda chiptalarni kassalar orqali maxsus chegirma bilan xarid qilishi mumkin.
Xususan, 2021 yil 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha 769-sonli “Buxoro-Toshkent" va 770-sonli "Toshkent-Buxoro" yoʼnalishlarida “Afrosiyob” zamonaviy poezdlarining har kunlik qatnovi tashkil etilgan.
"Kogon temir yoʼl vokzali"dan hozirgacha faqat haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari harakatini amalga oshirib kelayotgan “Afrosiyob” zamonaviy poezdi 769-sonli "Buxoro-Toshkent" yoʼnalishida 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha har kuni soat 15:02 da qatnovni amalga oshiradi.
Ushbu poezdlar Samarqand, Navoiy temir yoʼl vokzallarida ham toʼxtab oʼtadi.
Shu bilan birga Oʼzbekiston Respublikasidagi oliy va oʼrta maxsus taʼlim muassasalari talablari uchun imtiyozlar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 22 dekabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi oʼquvchilari va talabalarining yillik qishki taʼtillari toʼgʼrisida”gi PF-517-son Farmoniga asosan har yili 28 dekabrdan 10 yanvarga qadar belgilanadi. Mazkur hujjatda qayd etilishicha, qishki taʼtil davrida Oʼzbekiston Respublikasidagi oliy va oʼrta maxsus taʼlim muassasalari kunduzgi boʼlimlarining talabalari va oʼquvchilariga chiptalar 50 foizli chegirma bilan sotiladi.


Eslatma: Imtiyozli chiptalarni faqat temir yoʼl kassalari orqali xarid qilishingiz mumkin, elektron chiptalar rasmiylashtirilganda ushbu chegirmalar rasmiylashtirilmaydi.


Bayram munosabati bilan "Uzbekistan Airways" ham oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun joriy yilning 28 dekabridan 2022 yilning 10 yanvarigacha ichki aviaqatnovlariga chiptalarni 50% chegirma bilan xarid qilish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Bundan tashqari talabalar uchun yanada koʼproq qulaylik yaratish maqsadida jamiyat tomonidan 2022 yilning 7-9 yanvar kunlari "Buxoro-Toshkent" yoʼnalishida qoʼshimcha qatnovlar tashkillashtirilishi rejalashtirilgan. 8 yanvar kuni ushbu yoʼnalishdagi parvoz yoʼlovchi sigʼimi koʼp boʼlgan havo kemasiga almashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Аmalga oshirilayotgan ushbu tadbirlar xalqimizning yanada farovon yashashi, ertangi kunga ishonch bilan qarashi hamda amalga oshirilyotgan islohotlar natijasini ertaga emas, bugun oʼz hayotida koʼrishi lozimligini chiqur his qilgan holda bajarilmoqda.