Transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

29.01.2022

2022-yilning 27-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʼrtasida transport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʼnalishlari muhokama qilindi. Har ikki tomon ham ushbu yoʼnalishda hali foydalanilmagan keng imkoniyatlar mavjud ekanligini alohida taʼkidlab oʼtdi.
Xususan, uchrashuv davomida tomonlar Eron va Oʼzbekiston oʼrtasida muqobil xalqaro transport yoʼlaklarini rivojlantirish, mamlakatlarimiz oʼrtasida yangi yoʼnalishlarda aviaqatnovlarni yoʼlga qoʼyish, Eron portlari imkoniyatlaridan foydalanish bilan bogʼliq masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar Аshxobod bitimi yuzasidan ishchi qoʼmitaning faoliyatini qayta tiklash va navbatdagi majlisini oʼtkazish boʼyicha taklifni ilgari surishdi. Shuningdek, elchi janoblari Eron tomoni Oʼzbekiston hududida transport infratuzilmasi sohasidagi loyihalar boʼyicha tenderlarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanligini qayd etib oʼtdi.
Muzokaralar yakunida muhokama qilingan hamkorlik yoʼnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olindi.