Deutsche Bahn bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

23.02.2022

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b. Xusnutdin Xasilov Germaniyaning Deutsche Bahn temir yo‘l konsernining MDH va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori Mixael Napelya boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda temir yo‘l transporti va logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuv davomida Transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatimizning transport-logistika sohasini rivojlantirish maqsadida Deutsche Bahn bilan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, temir yo‘l sohasini isloh qilish, soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha xalqaro tenderlarni o‘tkazishda nemis mutaxassislarinining tajribasini ham hisobga olish zarurligini qayd etib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar transport va logistika sohasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.