Viloyatda jamoat transportini rivojlantirish boʼyicha olib borilayotgan ishlar sarhisobi boʼyicha maʼlumot berildi.

02.03.2022

Bugun boshqarma tomonidan OАV vakillari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda boshqarma tomonidan 2021 yilda jamoat transporti sohasida olib borilgan islohotlar, tumanlarda, ayniqsa chekka hududlarda jamoat transportini rivojlantirish, sohaga ilgʼor innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda aholiga koʼrsatilayotgan transport xizmatlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sohada uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish, tizimning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan ishlar samaradorligi, tizimdagi muammolar, ularning yechimi boʼyicha ommaviy axborot vositalari vakillariga batafsil axborot berildi.

  

Soʼnggi yillarda transport sohasini rivojlantirishga Davlat darajasida eʼtibor qaratilib, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va ular doirasida qabul qilinayotgan davlat dasturlarida hududlarda jamoat transportini yangi pogʼonaga olib chiqish, respublikamizning transport-logistika sohasini rivojlantirish hamda mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish masalasiga alohida ahamiyat berildi.

Taʼkidlanganidek, hozirda viloyatda 544 ta mahalla fuqarolar yigʼinidagi 1469 ta aholi punktlarida yashovchi aholiga sifatli va xavfsiz transport xizmatini koʼrsatish boʼyicha 130 ta yuridik korxonalar tomonidan jami 285 ta yoʼlovchi tashish yoʼnalishlari xizmat koʼrsatib qelmoqda. Jumladan, 40 ta shahar yoʼnalishlari, 214 ta shahar atrofi yoʼnalishlari, 11 ta shaharlararo viloyat ichki yoʼnalishlari va 20 ta shaharlararo-viloyatlararo yoʼnalishlar mavjud.

Mazkur yoʼnalishlardan jami 97 ta yoʼnalishda avtobus, 7 ta yoʼnalishda mikroavtobus hamda 160 ta yoʼnalishda Damas rusumli avtotransport vositalari aholiga sifatli va xavfsiz transport xizmatini koʼrsatib kelmoqda.

Shuningdek, viloyatda avtotransport vositalari va yoʼlovchilarga xizmat koʼrsatish maqsadida 5 ta avtostantsiya, 5 ta oxirgi toʼxtash bekatlari va 529 ta oraliq bekatlar mavjud.

Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar davlat Transport vazirligi mablagʼlari hisobidan Buxoro shahrida Madaniyat va Toʼqimachi oxirgi toʼxtash bekatlarini qurib foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Qayd etildiki, 2021 yil 21-22 yanvarь kunlari Prezidentning viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida hamda 2020 yil 30 noyabrь kuni davlat rahbari raisligida oʼtkazilgan jamoat transportini rivojlantirishga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida qator topshiriq va vazifalar belgilab berilgandi.

Аyni topshiriq va vazifalar ijrosini taʼminlash uchun avvalo Buxoro shahrining zamonaviy transport modelini ishlab chiqishga doir ishlar olib borildi. Tashrif dasturida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida oʼtgan 2021 yilda Vobkent tumanida yangi, zamonaviy avtostantsiya hamda Olot tumanida avtotransport vositalarining oxirgi toʼxtash bekati qurib, foydalanishga topshirildi.

Аholiga qulaylik yaratish maqsadida 2021 yil davomida viloyat hududida yangi 6 ta shahar atrofi avtobus yoʼnalishlari tashkil etildi. Oʼtgan 2021 yilda viloyatning jamoat transporti yetib bormagan 38 ta MFY hududlarida yangi tashkil 23 ta yoʼlovchi tashish yoʼnalishi ochilishi tashkil etilib, ushbu yoʼnalishlar hisobiga jamoat transporti bilan toʼliq qamrab olindi.

Jamoat transportlari jozibadorligini oshirish hamda sohaga ilgʼor innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli Oʼzbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-6079-sonli farmoni ijrosi yuzasidan Buxoro shahrida yoʼlovchi tashish bilan shugʼullanuvchi 8-9-51-76-437-sonli avtobus yoʼnalishlarida harakatlanuvchi jami 70 ta avtobuslarga (GPS) navigator qurilmalari oʼrnatildi, bu shahardagi jami avtobuslarning 30% ni tashkil etmoqda. Buxoro shahridagi avtobuslarni GPS-trekerlar bilan jihozlash ishlari toʼliq yakunlangandan soʼng ushbu tizim "ZTM" mobilь ilovasi bilan integratsiyalanib, yoʼlovchilar yuklab olingan maxsus mobilь ilova orqali oʼz turgan nuqtalarida qaysi yoʼnalishdagi jamoat transportlari harakatlanishi, qancha vaqtdan keyin ushbu nuqtaga avtobus kelishi va yoʼnalishdagi avtobuslarning harakatini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega boʼladi.

Bundan tashqari sotib olinishi rejalashtirilgan yangi avtobuslar hisobiga joriy 2022 yilda aholiga avtobuslarda koʼrsatilayotgan xizmatlar koʼlamini hozirgi 20% dan 30% ga, 2023 yilda 45%ga, 2025 yil oxiriga qadar esa 55-60% ga yetkazish, yoʼlovchi tashish yoʼnalishlarini aholining talab va extiyojlarini hisobga olgan holda tubdan qayta koʼrib chiqish va barcha aholi yashash xududlari boʼyicha jamoat transporti qamrovni taʼminlash hamda viloyat boʼyicha jamoat transportiga boʼlgan ehtiyojlarni qondirish sifatli jamoat transporti xizmatini yoʼlga quyish maqsadida 2022 yilning oʼzida yangi 100 ta avtobus (shundan 80 ta elektrobus) va 30 ta mikroavtobuslar sotib olish, yoʼlovchilarga sifatli transport xizmati koʼrsatilishini taʼminlash maqsadida yangi 10 ta avtobus yoʼnalishlarini tashkil etish choralari koʼrilmoqda.

Kelgusida qishloq hududini tuman markazi, tuman markazini viloyat markazi bilan bogʼlash imkonini beruvchi 45 ta yoʼlovchi tashish yoʼnalishlari tashkil etish hamda ushbu yoʼnalishlarga 550 ta avtobus va 150 ta mikroavtobus xarid qilish dasturi tasdiqlangan.

Matbuot anjumanida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.