«Transport tizimi raqamlashtirilmasligi korruptsiyaga yo‘l ochadi» — xalqaro eskpert

25.03.2022

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida shu mavzu bo‘yicha mahalliy va xalqaro soha vakillari o‘rtasida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev mamlakat transport tizimi raqamlashuvi borasida axborot berdi.


“Birinchidan, davlat sektorining barcha sohalarini raqamlashtirishga erishdik. Xususan, Transport vazirligida barcha xizmatlar va axborot almashinuv tizimini raqamli formatga o‘tkazdik. Alohida sohalar haqida gapiradigan bo‘lsak, aviatsiya sohasida eng katta qadam — aeroportlar va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK faoliyati va boshqaruvini to‘liq raqamlashtirdik. Bular barchasi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Temir yo‘l sohasida ham raqamlashtirish yo‘lidan bormoqdamiz. Xususan, tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi, chiptalar raqamli platforma orqali sotilmoqda. Toshkentda naqd pul o‘tkazmalari 50 foizga qisqardi, viloyatlarda ham shu jarayon davom etmoqda.

Raqamli davrda transportni rivojlantirish yo‘lovchi va yuk oqimlarini boshqarishni tashkil etishning yangi tamoyillari bilan belgilanadi. Logistika koridorlari, muqobil energiya va uchuvchisiz tizimlar ekotizimini yaxlit tarzda tashkil qilish sanoatni raqamlashtirishsiz amalga oshmaydi”, — dedi Choriyev.


Ayni vaqtda Shimoliy koridor o‘rnini bosuvchi Xitoy va Markaziy Osiyoni Turkiya va Janubiy Yevropa bilan bog‘lovchi “O‘rta yo‘lak” («Middle Corridor») deb nomlanuvchi yo‘lagining roli ortib bormoqda. Shu bilan birga, tezlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun koridorni yaxshilash kerak. O‘rta Sharq biznes xabi bo‘lgan DP World kompaniyasi operatsion bosh direktori Mahmud Al-Bastaqiy bu borada o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi:

“Kompaniyamiz ta’minot zanjiri va logistikani optimallashtirish uchun raqamli vositalardan foydalanadi. Yuk tashishning avtomat tizimi yetkazib beruvchidan mijozning eshigigacha bo‘lgan barcha barcha nuqtalarni o‘z ichiga olishini istaymiz. Raqamlashtirish transport sohasi uchun juda muhim. Agar raqamlashtirish bo‘lmasa, korruptsiyaga yo‘l ochiladi: harakat sekinlashadi, yuk operatsiyalari sifati yomonlashadi.

Asosiy maqsadlarimizdan biri — Ipak yo‘lini tiklash. Buni amalga oshirish vaqti keldi. Bu muammoni hal qilishga yordam beradigan tizim — bu raqamlashtirish” — dedi Al-Bastaqiy.


Anjuman doirasida Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi tajribasi haqida ham so‘z bordi. Ittifoq direktori Tatyana Rey-Bellet quyidagi fikrlarini bildirdi.

“Transport uyushmasiga nima kerak? Qat’iylik. Hozir beqarorlik hukm surmoqda, qiyinchiliklar bor. Transport tizimini raqamlashtirish ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradi, jumladan, hujjatlar elektron almashinuvi uchun bu juda muhim. Bugungi kunda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida ikkita raqamlashtirish tizimi mavjud — TIR va CMR va ularning ikkalasi ham BMT konvensiyasiga asoslangan. TIR dunyoning 77 davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham amal qiladi. O‘tgan yili biz sezilarli o‘sishni qayd etgandik, bu yil esa 40 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda TIRdan foydalanish tufayli avtomobillarda yuk tashish yangi bosqichga ko‘tarildi”, — dedi Tatyana Rey-Bellet.

“O‘zbekistonga birinchi marta 1992 - yilda kelganman. Bugun mamlakatda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda”, — deydi Pokistondagi TCS Holdings kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha direktori Ahmad Zafar. “TCS Holdings Pokistondagi eng yirik logistika kompaniyasi. Biznesimiz raqamlashtirish tufayli rivojlanmoqda. tizimimizda olingan ma’lumotlar operatsion qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Biz, shuningdek, 2018 - yilda eTIR’ga qo‘shilgan Pokistondagi birinchi logistika kompaniyasi hisoblanamiz.


Bungacha Afg‘oniston orqali O‘zbekistonga to‘rtta tijorat reyslarini amalga oshirgan edik. eTIR bizga faoliyatimizni yangicha bosqichda olib borishimizga imkon berdi. Ushbu tizim orqali ma’lumotlarni “bulut”da saqlash va yuk tashiladigan barcha harakatlanish nuqtalari elektron ma’lumotlarni uzatishimiz mumkin. eTIR global bog‘lanishga va bojxona organlarining integratsiyalashuviga yordam beradi” — deya ma’lumot berdi Ahmad Zafar.

“Raqamlashtirish — davr talabi va u transport sohasida ham bo‘lishi kerak”, — deydi TRACECA Hukumatlararo komissiyasi Bosh kotibi Asset Asavbayev. “13ta davlat biz bilan hamkorlik qiladi, jumladan, O‘zbekiston ham. Ularning barchasi transport tizimini raqamlashtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Xalqaro tashabbuslarni amalga oshirish, ular muvozanatli tarzda amalga oshirilishi va nafaqat mamlakatingiz hududida, balki butun transport yo‘lagida ishlashi kerak. ECMR raqamli mediaga o‘tish bo‘yicha ikkinchi tashabbusdir”, — deydi Asset Asavbayev.