11-12 may kunlari ShHTga a'zo mamlakatlar transport vazirlarining to‘qqizinchi yig‘ilishi bo'lib o'tdi.

13.05.2022

Xiva shahrida 11-12 may kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar transport vazirlarining to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining ShHT sammitiga raisligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda transport sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, transport koridorlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, ushbu yo‘nalishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bilan bog‘liq jihatlar muhokama etildi.

Xususan, mintaqaviy transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish ShHT davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishining muhim omillaridan biri ekanligini inobatga olgan holda keng qamrovli va yaxlit transport tizimini tashkil etish, sohaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, yuk tashuvlar hajmini oshirish transport kommunikatsiyalarini takomillashtirish borasida yagona qarash va yondashuvlarni shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbirda tomonlar O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish va samarali transport koridorlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik Konsepsiyasi loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Tomonlar mazkur hujjatni joriy yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida tasdiqlash uchun kiritish va uni kelishish yuzasidan sa’yi-harakatlarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Yig‘ilish davomida ShHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida transport tashuvlarining integratsiyalashgan boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha Hadli bitim, davlatlararo xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda transportning barqaror ishlashini ta’minlash hamda davlatlar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tufayli yuzaga kelgan holatni inobatga olgan holda transportning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, ShHTga a’zo davlatlar avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlarning transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzishga kelishildi.

Yig‘ilish yakunida ShHTga a’zo mamlakatlar transport vazirlari tomonidan tegishli bayonnoma imzolandi.