“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l loyihasi muhokama qilindi

03.06.2022

2 - iyun kuni “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ekspert ishchi guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda delegatsiyalarga XXRning Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi departament direktori o‘rinbosari Chjan Tszyanxua xonim, Qirg‘iziston Respublikasi transport va kommunikatsiya vaziri o‘rinbosari Almaz Turgunbayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov boshchilik qilishdi.

Uchrashuvda temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni jadallashtirish masalasi muhokama qilindi. Xususan, ushbu yo‘nalishda Xitoy tomonidan taqdim etilgan ish rejasi yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, tomonlar uchrashuv davomida dala tadqiqot ishlarini boshlash, ushbu jarayonda loyiha-qidiruv institutlarining ishtiroki bilan bog‘liq masalalarni muhokama etishdi.