Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo'lovchi poyezdi yo'lga qo'yildi

22.06.2022
21-iyun kuni, “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida so‘nggi 30 yilda Dushanbe – Toshkent yo‘nalishidagi birinchi yo‘lovchi poyezdini kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi temir yo‘l orqali yo‘lovchilarni tashish jarayoni 1990-yillar boshida to‘xtatilgan edi.
 
Xalqaro yo‘lovchi poyezdi mamlakatimizning janubiy viloyati orqali “Quduqli”, “Sariosiyo”, “Denov”, “Qumqo‘rg‘on”, “Darband”, “Dexqonobod”, “Qarshi”, “Samarqand”, “Jizzax” hamda “Guliston” temir yo‘l vokzallarida to‘xtab, poytaxtimizdagi bosh vokzal “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzaliga 21-iyun kuni soat 13:43 da yetib keldi. Ushbu poyezd yo‘lovchilari karnay-surnay sadolari ostida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan tantanali kutib olindi.
 
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlarning harakatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi kelishuvga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning joriy yil iyun oyining boshlarida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan edi. Tomonlar shuningdek, yangi tranzit yo‘laklarini shakllantirish va zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, havo, temir yo‘l transporti va avtobuslar qatnovini ko‘paytirishga kelishib oldilar.
 
Toshkentga kirib kelgan "Do‘stlik karvoni" nom olgan yo‘lovchi poyezdining birinchi yo‘lovchilaridan Tojikiston Respublikasi Transport vazirligi hamda “Roxi oxani Tojikiston” DUK rahbariyati, Tojikiston xalq demokratik partiyasi a’zolari, temir yo‘l faxriylari, shuningdek, Tojikiston mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat jami 200 nafardan ziyon mehmonlar bo‘ldi.
 
Tantanali marosimda ta’kidlanganidek, qardosh xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik ko‘prigi bo‘lib xizmat qiluvchi ushbu yo‘nalish ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar kun sayin mustahkamlanib borayotganini, bunday transport qatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi uzilib qolgan rishtalarni qayta tiklash, o‘zaro bordi keldi aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
 
Tantanali kutib olish marosimida o‘zbekistonlik va tojikistonlik temiryo‘lchilar, qo‘shni davlatdan kelgan faxriy mehmonlar, nuroniylar hamda yo‘lovchilar safar xavfsiz, qulay bo‘lganini aytib, mamlakatimiz temir yo‘l vokzallarida yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar a’lo darajada ekanligini e’tirof etishdi.
 
– Bugun juda ajoyib, tarixiy vokea guvohi bo‘lib turibmiz, , – deydi 301/302-sonli Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘lovchi poyezdining boshlig‘i Maxodbek Diloev. – Ushbu yo‘nalishda poyezdlar harakati to‘xtaganida hali yosh yigit, temir yo‘lda endigina faoliyatimni boshlagan edim. Mana 27 yildirki, taqdirim yo‘lovchi poyezdlarbilan chambarchas bog‘liq. O‘z kasbimdan faxrlanaman. Bugun esa, ajoyib hayajon sezilyapti. Xalq xursandchiligi ham chekchiz. Bizasizmi, bu yo‘nalishda harakat tiklanishi juda uzok kutilgan. Safar davomida yo‘lovchilar ham ko‘tarinki kayfiyatda kelishdi.
 
Tantanali tadbirdan so‘ng mehmonlar uchun poytaxtimiz Toshkent bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Markaziy Osiyoning eng katta shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilgan sayyohlar so‘nggi yillarda shahrimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berishdi. Soat 16:15da esa “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi jo‘nab ketdi.
 
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 20-iyundan boshlab 301/302-sonli Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdi harakatlanishni boshladi. Mazkur poyezd haftaning dushanba kunlari Dushanbedan jo‘nab ketadi va seshanba kunlari soat 13:43da Toshkentga yetib keladi. Toshkentdan esa haftaning har seshanba kuni soat 16:15da jo‘nab ketib, Dushanbega chorshanba kunlari yetib boradi.
 
Toshkentdan Dushanbegacha temir yo‘l orqali bo‘lgan masofa 916 km.ni tashkil etib, poyezd yo‘lda 21 soat davomida harakatlanadi. Jami 500-600 yo‘lovchilarga mo‘ljallangan harakat tarkibi 10 ta vagondan, ya’ni 4 kupe, 5 platskart va vagon-restorandan iborat.