Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasida

28.06.2022

Xabaringiz bor 25-iyundan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi boshlandi.

Ana shu tadbirlar doirasida bugun 28 iyun kuni Buxoro viloyati Transport boshqarmasi, idoraviy mansub tashkilotlari hamda viloyatdagi avtotransport korxonalari xodimlari ishtirokida “Konstitutsion islohotlar” mavzusida muhokama-munosabat tadbiri o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda bosh qomusimizga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ahamiyati, dolzarbligi haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida konstitutsiyamizga kiritilishi kutilayotgan har bir o‘zgartirishlar batafsil tahlil qilib berildi.

Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholi fikri va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Natijada, yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda. Bildirilgan takliflarning tahlili xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200 dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Ushbu kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar va yangi normalar hisobiga konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga asoslanadi.

Mazkur siyosiy jarayon jamiyatning barcha toifalari takliflarini o‘rganish va qabul qilish bilan boshlanganligi ham mamlakatimizda inson manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilganini anglatadi.

Zero, Kostitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan nomalarga aylanadi.

Tadbirda konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.