Eron bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

05.07.2022

4 - iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Eron Islom Respublikasi Sanoat, kon va savdo vaziri o‘rinbosari Alirizo Peymonpok bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xalqaro transport va tranzit yo‘laklari imkoniyatlaridan unumli foydalanish bilan bog‘liq jihatlarni muhokama etishdi.

Xususan, tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va tranzit yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma qo‘mitani tuzish yuzasidan fikr almashishdi.

Har ikki tomon vakillari mazkur qo‘mita faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishiga, O‘zbekiston va Eronni Afg‘oniston hamda Turkmaniston orqali bog‘lovchi yangi yo‘laklarni aniqlashga, shuningdek, hamkorlikda ulardan oqilona foydalanishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.