FlyDubai aviakompaniyasi Dubaydan Samarqandga birinchi muntazam reysni amalga oshirdi

22.09.2022

Birlashgan Arab Amirliklari “FlyDubai” aviakompaniyasining “Dubay-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi aviaparvozni amalga oshirgan samolyoti 21- sentabr kuni Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Shu munosabat bilan “FlyDubai” aviakompaniyasi va uning O‘zbekistondagi hamkorlari, Transport, Turizm va madaniy meros vazirliklari mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

 – Bugun mamlakatimizda nafaqat poytaxt, balki boshqa shaharlarda ham xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari J.Choriyev. – Jumladan, yangilangan Samarqand xalqaro aeroportining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida xorijiy aviakompaniyalar uchun cheklovlar olib tashlanib, beshinchi darajadagi havo erkinligi joriy etildi. Bu mazkur aeroportga reyslarni ko‘paytirish orqali sayyohlikni jadal rivojlantirishga katta yordam beradi.

 O‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham davlatimiz rahbari tomonidan bizning vazirligimizga va boshqa idoralarga aniq topshiriqlar berildi. Birlashgan Arab Amirliklarining “FlyDubai” aviakompaniyasi jahondagi salohiyatli aviatashuvchilardan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya aviaparkining yangiligi, xizmat ko‘rsatish sifati va darajasining yuqoriligi va yuzdan ortiq yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirishi u bilan hamkorlik istiqbollarini belgilaydi. Shu bois mazkur kompaniya 21 - sentabrdan boshlab Dubay va Samarqand shaharlari o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.

 “FlyDubai” aviakompaniyasining bosh direktori Geyt Al Geyt Dubay – Samarqand yo‘nalishi BAA va O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan muhim sayyohlik yo‘nalishlaridan bo‘lishini ta’kidlab, uning istiqboliga ishonishini ta’kidladi. Shu sababli hozircha haftada ikki marta – chorshanba va shanba kunlari, oktabr oyining yakunidan esa to‘rt marta parvozlarni amalga oshirish, kelgusida esa har kuni qatnovni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Kompaniya rahbari O‘zbekiston shaharlari bilan aviaqatnovlar samarali bo‘lishini alohida qayd etgan holda 24 - sentabrdan Dubay – Namangan yo‘nalishida ham parvozlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillaev, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva, shuningdek, “FlyDubai” aviakompaniyasi vakillari mazkur yangi yo‘nalish yurtimizda turizmni rivojlantirish bilan birga O‘zbekistonni Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bog‘lash, shuningdek, dunyoning turli mintaqalariga tranzit parvozlarni amalga oshirishga yordam berishini ta’kidladi.