O‘zbekiston – Latviya: transport-logistika sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi

04.11.2022

3-noyabr kuni City Palace mehmonxonasida O‘zbekiston – Latviya transport va logistika sohasidagi ishbilarmonlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, avtomobil va temir yo‘l tashuvlarida mavjud imkoniyatlardan, xususan, Latviya portlari salohiyatidan samarali foydalanish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

 

Tadbirda Riga, Ventspil erkin porti, Liepaya EIZ, “Latvijas Auto” Avtmomobilda tashuvchilar uyushmasi, Latviya temir yo‘llari, Extron, Man–Tess, WT Terminal, Riga Bulk Terminal, KS Terminal, Ventall Termināls, VK Tranzīts, Quinto Logistics, LDZ Cargo kabi 20 dan ortiq kompaniyalar rahbarlari va vakillari ishtirok etishdi.

 

Latviya Respublikasi Transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Uldis Reymanis mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu yo‘nalishda Latviya mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini, bugungi tadbir esa shu maqsadga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatli ekanligini e’tirof etdi.

 

Tadbir davomida Latviyaning transport-logistika sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalari o‘z xizmatlari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazishdi.

 

Shuningdek, transport-logistika sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi kompaniyalar rahbarlari va biznes vakillari o‘rtasida “ B2G” va “V2V” uchrashuvlari o‘tkazildi.