"Silk Avia" ning birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tmoqda

02.12.2022

Shu kunlarda Bangkokda (Tailand) birinchi ATR72-600 samolyotini Silk Avia kompaniyasiga topshirish jarayoni davom etmoqda. Bu aviatashuvchi tomonidan Jetcraft Commercial Limited bilan kelishuv asosida sotib olingan uchta samolyotdan biri (2019 - yilda ishlab chiqarilgan).

Silk Avia jamoasi samolyotning texnik holati va uning hujjatlarini tekshirishuvdan o‘tkazdi hamda birinchi sinov parvozini amalga oshirdi. Shuningdek, hozirgi kunga kelib havo kemasini texnik qabul qilish yakunlandi – bir oy davom etgan C-checkdan so‘ng (har 5000 parvoz soatida bajariladigan texnik xizmat ko‘rsatish shakli) samolyot texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma imzolandi.

Ayni damda yana bir muhim hujjat – samolyotni Toshkentga olib kelish uchun zarur bo‘lgan eksport sertifikati tayyorlanmoqda. Ruxsatnomalarni tayyorlash bilan bir qatorda samolyotni Silk Avia livreyasiga bo‘yash ishlari ham olib boriladi. Shundan so‘ng havo kemasi doimiy bazasi – “Toshkent” aeroportiga yo‘l oladi, u yerda ham havo kemasi ekspluatant sertifikatini olishi lozim bo‘ladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi tomonidan sotib olingan ikkinchi samolyot ham C-checkdan o‘tkazilishi boshlangan.