«Standard Chartered» transport sohasidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga qiziqish bildirmoqda

03.03.2023

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Buyuk Britaniyaning «Standard Chartered» bankining eksport bo‘yicha rahbari Faruk Muhammad bilan uchrashdi.

Uchrashuvda transport sohasida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama etildi.

F.Muhammad yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega «Standard Chartered» kredit mablag‘lari va pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda O‘zbekistonda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Xususan, bank Toshkent – Andijon, Toshkent – Samarqand pullik avtomobilь yo‘llarini, Toshkent – Samarqand tezyurar temir yo‘l liniyasini qurish hamda mahalliy aeroportlarni modernizatsiya qilish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi.

O‘zbek tomoni ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari va tender hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng DXSh loyihalarini amalga oshirishda bank bilan belgilangan tartibda hamkorlikda ishlar tashkil etilishini ta’kidlab o‘tdi.