O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

10.03.2023

9-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx  Batsetseg xonim bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, turizm, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama etishdi.

Xususan, tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish, bunda milliy tashuvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish orqali yo‘lovchi va yuk tashuvlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

Mazkur yo‘nalishlarda amaliy natijalarga erishish maqsadida tezkor choralar ko‘rilishini har ikki tomon vakillari alohida ta’kidlab o‘tishdi. Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini qayd etdi.

Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.