Markaziy Osiyo davlatlari transport vazirlari uchrashuvida muhim hujjatlar imzolandi

14.09.2023

13-sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Transport vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi doirasida tashkil etilgan tadbirda transport logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Tojikiston Respublikasi transport vaziri Azim Ibrohim raisligida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilxom Maxkamov, Qozog‘iston Respublikasi transport vaziri Marat Karabayev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Transport va kommunikatsiyalar agentligi direktori Mammetxon Chakiyev ishtirok etdi.

Mintaqa mamlakatlari transport vazirlari Markaziy Osiyoda yer usti transporti sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Ular mintaqadagi barcha mamlakatlar o‘zaro bog‘liqligi, yangi to‘siqlar va qiyinchiliklar yechimini topishda birdamlik va hamkorlikni mustahkamlash, oldinda turgan muammolarni birgalikda hal etish ustida ish olib borish zarurligi to‘g‘risida bir-birining mulohazalarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha transport va logistika sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolandi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, xalqaro savdo ko‘lamini oshirish, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishda transport va logistika asos sifatida muhim o‘rin tutishini e’tirof etdi.