Avtomobilda xalqaro tashuv uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyuldagi "Avtomobilda yuk va yo’lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga ko'ra, ruxsatnomalarda avtomobilda yuk va yo'lovchilarni xalqaro tashish turlari (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlatga/dan tashish) va ulardan foydalanish shartlari ko'rsatildi.
Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga bo'linadi:
-ikki tomonlama yuk tashish uchun;
-tranzit yuk tashish uchun;
-uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;
-ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;
-ikki tomonlama qatnovlarda yo'lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
-tranzit qatnovlarda yo'lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
-ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yo'lovchilarni nomuntazam tashish uchun.
Xorijiy/ko'p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizani milliy tashuvchi o'zining ERIsi bilan tasdiqlagan holda “E-avto ruxsatnoma” AAT orqali takdim etadi va ariza olingan kundan 1 ish kunida ko'rib chiqiladi.
▶️ Ruxsatnomani berish yoki berishni rad etish “E-avto ruxsatnoma” AATda avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
-Ruxsatnomalar ular berilgan kundan 90 kalendar kun ichida vakolatli organga qaytarish sharti bilan tashuvchilarga beriladi.
Milliy tashuvchi tomonidan unga berilgan xorijiy/ko'p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo'yicha huquqlar uchinchi shaxslarga berilganligi aniqlangan taqdirda, “E-avto ruxsatnoma” AATda avtomatik tarzda ushbu tashuvchiga – 3 oy muddatga, yil davomida qayta aniqlansa – 6 oy muddatga barcha xorijiy/ko'p tomonlama ruxsatnomalar berilishi to'xtatiladi.